O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasida fuqarolarning bank kartalaridan qarzlarni so‘zsiz undirish to‘g‘risidagi nizom loyihasi uchun javobgar bo‘lgan boshqarma boshlig‘i ishdan bo‘shatildi, deya xabar qildi DSQ matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

17 dekabr kuni normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilingan qarzlarni undirish mexanizmini ifodalagan nizom loyihasiga 57 ta tanqidiy fikr va takliflar bildirildi. Hujjat internetda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Markaziy bank ham bunga qarshi chiqib, bank kartalaridan soliq qarzdorligini so‘zsiz undirish bo‘yicha qonuniy mexanizmlar yo‘qligini ma’lum qildi.

Jamoatchilik fikrini o‘rganishda loyiha maromiga yetkazilib ishlab chiqilmagani, jumladan unda DSQ rahbariyati tavsiyalari va tanbehlari hisobga olinmagani, muhokamalar portaliga ruxsatsiz chiqarilgani aniqlandi.

DSQ rahbariyati jismoniy shaxslarga qulaylik yaratish uchun qarzlarni soliq inspeksiyalariga bormagan holda to‘lash uchun sharoitlar yaratishni taklif qilgan. Buning uchun soliq qarzdorligini to‘lash uchun ma’lum miqdordagi mablag‘ni yechib olish to‘g‘risida to‘lovchining yozma roziligini olish rejalashtirilgan, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Mazkur takliflar nizomda o‘z aksini topmagan. Yo‘l qo‘yilgan xatolar va mas’uliyatsizlik uchun nizom loyihasini ishlab chiqishga mas’ul boshqarma boshlig‘i vazifasidan ozod qilingan.

DSQ hozirda hujjatni qayta ko‘rib chiqmoqda. Unda jismoniy shaxslar bank kartalaridan faqatgina ularning roziligi bilan qarzlarni yechib olish ko‘rsatilishi kutilmoqda.

Qayd etish joizki, prezident o‘tgan yil iyunida imzolagan soliq organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi hujjatda soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchi bank kartalari bank hisob raqamlaridan yuzaga kelgan soliq qarzdorligini (oyiga EKIHning 2 barobarigacha) so‘zsiz undirish huquqini berish ko‘zda tutilgan edi. Davlat rahbarining 26 dekabrdagi yangi qarori bilan mazkur norma 1 yanvardan o‘z kuchini yo‘qotdi.