O‘zbekistondagi eng yirik SPA sog‘lomlashtirish markazi bo‘lishi kutilayotgan Zangiota termal sog‘lomlashtirish majmuasini barpo etish loyihasiga Belgiyadan maslahatchi jalb qilinadi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

5 yanvar kuni Bryusseldagi O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasida Asia tour Elite kompaniyasi rahbari Akmal Qosimov va «Yukon» kompaniyasi yuridik direktori Jean de Brabander bu haqdagi shartnomani imzoladi.

Loyiha 400 o‘rinli mehmonxona hamda sanatoriya, ham tayanch tibbiy muolajalarni ko‘rsatishga mo‘ljallangan majmua qurilishini o‘z ichiga oladi. Majmua xizmatlaridan nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlar fuqarolarining ham foydalanishi kutilmoqda.

Xorijlik konsultant shu kabi turistik majmualarni amalga oshirish tajribasiga ega xalqaro investorni aniqlash, investitsion memorandumni shakllantirish, yuridik hujjatlarni ishlab chiqish va ularning imzolanishi bo‘yicha kompleks xizmatlarni ko‘rsatadi.