O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi gaz quyish shoxobchalarida narxlarni oshirishga asos yo‘q deb hisoblaydi. DSQ matbuot xizmati rasmiy bayonoti bunga guvohlik bermoqda.

Bayonotda qayd etilishicha, 4 yanvar holatida ayrim hududlarida avtomobillarga xizmat ko‘rsatuvchi siqilgan va suyultirilgan gaz bilan to‘ldirish shoxobchalarida o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 1 m3 metan gaz narxi 1900 so‘mdan 2200 so‘mgacha, ya’ni 300 so‘mgacha hamda 1 litr propan gazning narxi 200 so‘mdan 500 so‘mgacha oshganligi kuzatildi. Ayniqsa, bunday holat Toshkent shahri, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida kuzatilmoqda.

DSQ tanlov asosida bir qancha metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatini tahlil qilganda, 2018 yilning 9 oyida 1 m3 metan gazning o‘rtacha narxi 1650 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 4 chorakka kelib 1950 so‘mgacha oshirilganini aniqladi.

«Joriy yildan boshlab esa hech qanday asossiz ravishda 1900 so‘mdan oshirilib, 2200 so‘mgacha sotilmoqda. Natijada gaz quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi 2018 yilning 9 oyligidagi 20−29 foizdan 45−60 foizgacha oshgan. Agar ushbu shoxobchaning rentabellik darajasi 30−36 foiz miqdorida saqlangan holatda narx 1800−1900 so‘mdan oshmasligi kerak edi», — deyiladi xabarda.

DSQ hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 yanvardan amaldagi soliq konsepsiyasi doirasida 1 m3 metan gaz narxi 210 so‘mgacha oshishi ham inobatga olingan. Jumladan, gaz uchun aksiz solig‘i kiritilishi hisobiga 55 so‘m, yagona soliq to‘lov o‘rniga qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk, yer solig‘i va foyda solig‘i kiritilishi natijasida 155 so‘m oshishi mumkin edi.

«Bundan ko‘rinib turibdiki, daromadlilik va rentabellik darajasini yuqori miqdorlarda saqlash maqsadida ayrim gaz to‘ldirish shoxobchalari asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinmoqda. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, joriy yilning 1 yanvaridan soliq o‘zgarishlari natijasida narxlarni o‘zgartirmasdan faoliyat ko‘rsatilganida ham gaz quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi 25−30 foizni tashkil etadi. Bu o‘z navbatida, iqtisodiyot tarmog‘idagi rentabellik darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini tashkil etmoqda», — deya qayd etdi DSQ.

Avvalroq «Gazeta.uz» Andijondagi gaz quyish shoxobchasi ta’sischisi Iskandar Rasulovning fikrlarini e’lon qilgan edi. U narxlarni 1900 so‘mdan 2100 so‘mga oshirilishini aksiz solig‘i va QQS joriy etilgani bilan izohladi. Moliya vazirligi javob tariqasida gaz quyish shoxobchasi xarajatlari faqat 100 so‘mga oshirilganini ma’lum qildi. Moliya vazirligi 33 foizlik rentabellikni juda yuqori deb baholadi.

Moliya vazirligi alohida xabarda narxlarni asossiz oshirgan gaz quyish shoxobchalariga nisbatan choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.