Soliq organlari jismoniy shaxslarning bank kartalaridan soliq qarzdorligini so‘zsiz undirish huquqini beruvchi norma prezidentning 2018-yil 26-dekabrdagi qarori bilan bekor qilindi, deya xabar berdi Norma.uz.

O‘tgan yilning iyunida davlat rahbari davlat soliq xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan edi. Unda soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchi bank kartalari bank hisob raqamlaridan yuzaga kelgan soliq qarzdorligini so‘zsiz undirish huquqini berish ko‘zda tutilgandi. Bunda undirib olinuvchi mablag‘ bir oyda eng kam ish haqining ikki barobaridan ortishi mumkin emas edi.

Amaliyotda mazkur me’yorni qo‘llashning imkoni bo‘lmadi, chunki bunday vakolat qonunchilik hujjatlarida o‘z aksini topishi lozim. Jumladan, Soliq kodeksining 63-moddasiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi lozim edi, biroq prezident 2018-yil 24-dekabrda imzolagan kodeksga o‘zgartishlar kiritishni ko‘zda tutuvchi qonunda bu o‘z aksini topmadi.

Shuningdek, bunday vakolatni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish va tasdiqlash ham lozim. Davlat soliq qo‘mitasi qarori loyihasi muhokamalarda 57 ta tanbeh va takliflar to‘pladi.

Bundan tashqari, Markaziy bank ham o‘z tanqidiy munosabatini bildirdi. “Maqsad qanchalar ezgu bo‘lmasin, idoralar manfaatlari boshqa sohalar yoki butun mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim”, — deyiladi MBning bu boradagi bayonotida.

Shunday qilib, soliq organlariga bank kartalaridan qarzlarni so‘zsiz undirib olish huquqini beruvchi norma 1 yanvardan o‘z kuchini yo‘qotdi.