O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklaridan ajratilgan kreditlar va qabul qilingan depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarini, shuningdek bank xizmatlari uchun belgilangan tariflarni bir tomonlama o‘zgartirishni nazarda tutuvchi shartlarni bartaraf etishni talab qildi. Bu haqda MB Telegram-kanalidagi xabarda so‘z boradi.

«Tijorat banklari bilan mijozlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, banklar tomonidan shartnomalarga ajratilgan kreditlar va qabul qilingan depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarini, shuningdek bank xizmatlari uchun belgilangan tariflarni bir tomonlama o‘zgartirishni nazarda tutuvchi shartlar kiritilganligi holatlari aniqlanib, bu bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini buzilishi deb hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

MB kredit yoki depozit shartnomangizda kreditlar va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarni, shuningdek bank xizmatlari uchun belgilangan tariflarni bir tomonlama o‘zgartirishni nazarda tutuvchi shartlar mavjud bo‘lsa, ushbu shartlarni bekor qilish yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga murojaat etishni tavsiya qildi.

Shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha bankka murojaat etilganida muammolar yuzaga kelsa, Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200−00−44 raqamli ko‘p kanalli yagona «Ishonch telefoni» orqali murojaat etish mumkin.

MBning tijorat banklariga yuborgan xati