Prezidentning Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, 2019−2021 yillar davomida har yili 1 fevralga qadar Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 5 million AQSH dollari ekvivalentidagi pul mablag‘lari o‘tkazib boriladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Namunaviy, shu jumladan tarmoqli loyihalar asosida zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurish uchun 80−100 kvadrat metr o‘lchamda yer uchastkalarini elektron auksionga qo‘ymasdan olish uchun tadbirkorlarga ustuvorlik huquqi taqdim etiladi.

2022 yilning 1 yanvariga qadar olib kiriladigan turistlar tashrif buyuradigan joylarga o‘rnatiladigan antivandal sanitariya-gigiyena shoxobchalari, shuningdek, moddiy madaniy meros ob’ektlari, muzeylar, teatrlar, galereyalar va belgilangan tartibda shakllantirilgan ro‘yxatdagi muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar, turniketlar, dasturiy ta’minot, to‘lovni amalga oshirish — ma’lumot olish terminallari, videokuzatuv uskunalari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Qaror bilan:

mehmonxona ichida joylashgan yoki unga tegishli bo‘lgan alkogol mahsulotlari (bar, mini-bar, kafe, restoran) sotuvi bilan shug‘ullanadigan umumiy ovqatlanish ob’ektlari va savdo nuqtalari uchun alohida ruxsat guvohnomasi;

aeroportdan, temir yo‘l/avtoyo‘l vokzallaridan mehmonxonaga va undan qaytishga, shuningdek, turizm ob’ektlariga o‘zining ijarachilari transport xizmatlarini ko‘rsatishi uchun litsenziya;

shahar va shaharlararo yo‘lovchi tashuvchi tadbirkorlardan mahalliy va xorijiy fuqarolarga mamlakat bo‘ylab nomuntazam, shaharlararo yo‘lovchi tashish uchun tegishli litsenziyaga ega avtobus yoki kichik avtobus xizmatlarini ko‘rsatish uchun qo‘shimcha litsenziya olish talablari bekor qilindi.