Toshkent tumanlari hokimliklari huzurida Investorlarni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 4 yanvardagi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Ularning vazifalari — investorlarga tuman salohiyati, investitsiya takliflari, imtiyoz va preferensiyalar haqida ma’lumotlar berish, investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, investorlarning davlat organlari va banklar bilan tadbirlar va uchrashuvlarini tashkil etish, muhandislik-texnik kommunikatsiyalarga ulanishda, ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda ko‘maklashish, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish va boshqalardan iborat.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yakunlari bo‘yicha investitsion shartnomalarni imzolash orqali Toshkent hokimi qarori asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer maydonlarini soddalashtirilgan tartibda taqdim etish tartib-tamoyillari to‘liq shaffoflashtiriladi.

Hujjatda Toshkent shahri va tumanlari hokimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • poytaxtda biznes yuritish uchun investitsiya muhitini yaxshilash;
  • yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni, shu jumladan kichik sanoat zonalari va texnoparklarda ularning ishlab chiqarish hajmi va eksportini kuchaytirgan holda rivojlantirish uchun infratuzilma tashkil etish;
  • xalqaro OTMlar filiallarini ochish, sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, qayta qurish va rekonstruksiya qilish;
  • xususiy investitsiyalarni zamonaviy ofis binolari va uy-joy komplekslari qurilishiga jalb qilish, ularni tegishli infratuzilma bilan ta’minlash, poytaxtning alohida hududlarida smart va green city tizimlarini joriy etgan holda qurilish ishlarini rivojlantirish;
  • muhandislik-kommunal infratuzilmalarni rivojlantirish, kommunal xizmatlar sifati va ommabopligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni tatbiq qilish va xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etiladigan korxonalarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini jadallashtirish.

2019−2020 yillarda Toshkentda 273 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ularning qiymati 31 trln so‘mdan oshiqroq bo‘lib, 2,7 mlrd dollari — xorijiy investitsiyalardir.

Jumladan, uy-joylar, savdo majmualari, apartamentlar, ta’lim muassasalari va parklarni o‘z ichiga olgan Olmazor city qurilishiga 581 mlrd so‘m, Olmazor tumanida IT-texnoparkiga — 83 mlrd so‘m, Bektemir tumanida Happy city savdo-ko‘ngilochar markaziga — 1,1 trln so‘m, «Aviasozlar dehqon bozori» (sobiq «Kadisheva») bozori bazasida savdo-maishiy majmuaga — 830 mlrd so‘m jalb qilinadi.

Bundan tashqari, «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi Fininvest foundation (Gonkong) va Kentkart (Turkiya) kompaniyalari konsorsiumining 415 mlrd so‘mlik investitsiyalarini jalb etadi. Yaqin ikki yilda «kaliti bilan» tamoyili asosida transportni boshqarish va yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.