Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov ustidan sud jarayoni boshlandi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» bir qancha axborot manbalari.

Qonunchilikka muvofiq, davlat siri yoki qonun bilan himoyalanuvchi boshqa sirlarni saqlash zarurati bo‘lsa, sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, jarayon haqida ma’lumot berish masalasi sud vakolatiga kiradi.

«Mazkur jinoyat ishi yopiq tarzda tergov qilingan. Hozirda jinoyat ishi sud yurisdiksiyasida. Jamoatchilikka qay tarzda ma’lumot berish masalasini sud hal qiladi», — dedi Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova.

«Gazeta.uz» axborot manbasining ma’lum qilishicha, sud jarayoni dushanba kuni 10:00 da jinoyat ishi doirasidagi barcha sudlanuvchilar ustidan boshlangan. Kelgusi sud majlisi 9 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Rashitjon Qodirov 2018 yilning fevralida hibsga olingan edi. Jinoyat kodeksining 165, 205 va 210-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yozda ish bo‘yicha 24 kishiga ayblov e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.