5 yanvar kuni PFL vakillari O‘FA rahbariyati bilan uchrashuvda ishtirok etdi. Unda milliy chempionatning 2019 yilgi mavsumi yuzasidan muhokamalar bordi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov klublarga va’da qilingan mukofot pullari nima uchun berilmayotganiga aniqlik kiritdi.

«Biz mukofot pullarini va’da qildikmi, uni albatta beramiz. PFL oldidagi qarzlari 2018 yil oxiriga qadar osilib kelgan, futbolchilar oldidagi qarzlari yillar davomida osilib yotgan klublar bor. 2019 yil bunday bo‘lmasligi kerak.

Mamlakat rahbari futbolni qo‘llayotgani uchun ham shunday katta tashkilotlar klublarga pul ajratib turibdi. Endi uni oqilona ishlatish kerak. Klublar rahbarlari o‘sha pullarni joyiga qo‘yib, o‘z futbolchilari, ishchilari oldidagi qarzlarini uzsin. Keyin esa mukofot pullarini yaxshilikka, klub rivojiga ishlatsin. Yo‘qsa smetasidagi pulni aql bilan ishlatmay, uni shunchaki havoga sovurgani yetmagandek, mukofot pullarini ham bir narsa qilishadi. Qarabsizki, 2019 yil yana eski hammom, eski tos. Mayli hozir bir narsalar deyaverishsin, keyin mukofotni olganlaridan so‘ng rahmat aytishadi", dedi Umid Ahmadjonov.