2019 yilgi Davlat dasturi loyihasida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yo‘nalishida mudofaani boshqarish milliy markazini yaratish rejalashtirilmoqda.

Mudofaa vazirligi, DXX, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi, FVV, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi, vazirlik va idoralarga O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar qudratini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilish topshrildi.

Unda davlat harbiy xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi qonun hujjatlarini hisobga olgan holda Qurolli Kuchlarni qo‘llashni rejalashtirishning normativ-huquqiy asoslarini yangilash, qo‘shinlarni 2018−2021 yillarda zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan ta’minlash, ularni modernizatsiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha kompleks dasturni sifatli ijro etish ko‘zda tutilgan. Dastur loyihasini 2019 yil 10 apreliga qadar ishlab chiqish belgilangan.

2019 yilning ikkinchi yarmida Davlat mudofaa sanoati kompleksining «Innovatsiya texnologiyalari markazi» negizida harbiy va ikki xil maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan mahsulotlar, ehtiyot qismlar, eng yangi material va xom ashyolarning yangi turlarini loyihalashtirish va ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan iqtisodiyot sohasidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va ta’lim muassasalari, alohida kompaniyalar ishlanmalarini konsolidatsiya qilish bo‘yicha mudofaa sanoati kompleksining ilmiy-konstruktorlik klasterini yaratish kutilmoqda.

2019 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasi 15 yanvarga qadar davo etadi.