Prezidentning Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan (top-50 reytingiga ko‘ra) foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan tashkilotlar uchun royalti franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida davlat byudjeti hisobidan quyidagi hajmda qisman moliyalashtirilishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Unga ko‘ra:

dastlabki 50 ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxona — har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 200 AQSH dollari ekvivalentida;

dastlabki 30 ta 4 yulduzli toifaga ega mehmonxona — har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 400 AQSH dollari ekvivalentida.

Bunda tashkilotlar uchun royaltini moliyalashtirishning umumiy hajmi ko‘pi bilan 10 million AQSH dollari ekvivalentiga teng bo‘ladi.

Shuningdek, qaror bilan:

xostellarni mehmon uylari va xostellar reyestriga o‘rnatilgan tartibda kiritish talabini belgilagan holda xostellarning mehmonxona xizmatini majburiy sertifikatsiyalash talabi bekor qilinadi;

hududida turizm infratuzilmasi ob’ektlari, shu jumladan joylashtirish vositalari joylashgan yoki barpo etiladigan moddiy madaniy meros ob’ektlari o‘ttiz yilga, biroq o‘n yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga beriladi. Bunda ijarachilar besh yillik ijara haqiga teng miqdorni o‘zlari joylashgan moddiy madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya va konservatsiya qilishga yo‘naltirish hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarini saqlash qoidalariga rioya qilish sharti bilan dastlabki besh yil uchun ijara haqi to‘lashdan ozod etiladi.