Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Markaziy Osiyo energotizimi (MOET) ichida mintaqaviy energiya savdosini kengaytirish, Turkmanistonning unga qo‘shilishini o‘rganish hamda Afg‘onistonda tizimni yanada kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash uchun 4,5 mln dollar miqdorida grant ko‘rinishida mintaqaviy klaster ko‘mak ko‘rsatishni tasdiqladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

Markaziy Osiyo davlatlarida energiya savdosi 1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng keskin tushib ketdi. 2003 yil boshida Turkmaniston, 2009 yilda Tojikiston MOETdan chiqdi. Natijada tizimdagi elektr energiyasi savdosi 1990 yildagi 25,413 million kilovatt-soatdan (kVt-s) 2016 yilda 2,080 million kVt-s ga tushib qoldi.

Bu ayniqsa Tojikistonda qishki vaqtlarda ommaviy ravishda elektr energiyasining o‘chirilishi, yozda Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonda qazib olinuvchi yoqilg‘ilar iste’molining oshishiga olib keldi. 2018 yilning martida Tojikiston yana O‘zbekiston va MOETga ulandi.

Klaster texnik ko‘mak doirasida uchta loyihaosti loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, MOET doirasida energiya oqimining xavfsiz oshirilishini ta’minlash uchun «Energiya» koordinatsion dispecherlik markazida energetik ma’lumotlarni boshqarish tizimi joriy etiladi.

Energiya oqimini oshirishga texnik to‘siqlarni va ularni hal etishning ehtimoliy yechimlarini aniqlash maqsadlarida mintaqaviy energetika sektori bosh rejasini yangilash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Afg‘onistonda va Turkmanistonda MOETni kengaytirish, energiya savdosini oshirish uchun qo‘shimcha yangi bozorlarni aniqlash belgilangan.

2017 yilda Afg‘oniston MOETga ulanishga qiziqish bildirgan edi. Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan bu borada ikki tomonlama muzokaralar boshlab yuborilgan. OTB granti Afg‘oniston elektr tarmoqlarini baholash va ularning MOET bilan qo‘shilishini ta’minlashga yordam beradi. Shuningdek, Turkmanistonning MOETga ulanishining turli variantlari tadqiq etiladi.

Texnik ko‘makning 1,5 mln dollari OTB tomonidan grant asosida moliyalashtirilsa, Mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jamg‘armasi, Osiyo toza energiya jamg‘armasi hamda Yuqori texnologiyalar jamg‘armasi 1 mln dollardan ajratadi. Mintaqa davlatlari hukumatlari mahalliy mutaxassislar, idora binolari, xarajat materiallari va pulsiz ko‘rinishdagi boshqa yordamlarni taqdim etish orqali sheriklik yordamini ko‘rsatadi.