O‘zbekiston xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun kirish vizalari toifalarini berishni joriy etadi. Bu Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Vatandosh — kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lganlar va ularning oila a’zolari uchun ikki yillik viza. Ularning O‘zbekiston fuqarolari hisoblangan va mamlakat hududida doimiy yashovchi qarindoshlari taklifnomasi bo‘lganda beriladi.

Student visa — O‘zbekiston hududidagi ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi xorijlik talabalar uchun bir yillik viza. O‘zbekiston ta’lim muassasalari, tarkibida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar iltimosnomasi bo‘yicha rasmiylashtiriladi.

Academic visa — O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot va o‘qituvchilik faoliyatini olib borishni istagan chet ellik shaxslar uchun uch oydan ikki yilgacha muddatga beriladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, OTMlar, vazirlik yoki idoralar iltimosnomasi bo‘yicha beriladi.

Medical visa — davolash-profilaktika muassasasi taklifnomasi bo‘yicha O‘zbekistonga davolanish maqsadida keluvchi chet el fuqarolari uchun uch oygacha muddatga beriladi.

Pilgrim visa — turistik faoliyat sub’ekti va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita arizasi bo‘yicha O‘zbekistonning madaniy-tarixiy, diniy-ma’rifiy merosi va qadriyatlarini o‘rganish uchun tashrif buyuruvchi chet el fuqarolariga ikki oygacha muddatga beriladigan ziyorat vizasi.

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekistonga kirishi taqiqlangan bo‘lsa, viza berish rad etilishi mumkin.

Mazkur vizalar elektron bo‘lmaydi.