O‘zbekistonda transport logistikasini rivojlantirish, tashqi va ichki qatnovlarni kengaytirish hamda transport xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bilan tasdiqlangan 2019−2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, turli transportlarda yo‘lovchilarni tashish tizimining yetarli darajada muvofiqlashtirilmagani turizmni jadal rivojlantirishga salbiy ta’sir qilmoqda.

Konsepsiyada O‘zbekistonni yo‘lovchilar tashish sohasida mintaqaning yirik transport «xab"iga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Buning uchun, jumladan O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga, xalqaro parvozlar geografiyasi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish, sifatini oshirish va aviaparvozlar narxini pasaytirish belgilangan.

O‘zbekiston hududlari va boshqa mamlakatlar o‘rtasida sayohatlarni amalga oshirishda qulay sharoitlarni yaratgan holda havo, temir yo‘l va avtomobil transportini o‘z ichiga olgan qulay va arzon transport logistikasini shakllantirish rejalashtirilgan.

Konsepsiyani amalga oshirish doirasida yo‘lovchi tashishni rivojlantirish dasturi qabul qilinishi lozim. U doimiy transport qatnovlarini amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish, transportning har xil turlari o‘rtasida qulay tutashuv nuqtalarini tashkil etish, respublika va mintaqaviy ahamiyatga molik mavjud avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish, sayyohlik markazlarini tutashtirish, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini (kemping, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, umumiy ovqatlanish punktlari, tibbiy va sanitar punktlar) yaxshilash.

Transport tariflarini optimallashtirish, yirik xalqaro aviatashuvchilarni jalb qilish, byudjet (arzon) aviatashuvlarni tashkil etish va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida aviaaloqalarni rivojlantirish belgilandi. Bundan tashqari, mavjud temir yo‘llar takomillashtirilib, yangilari quriladi va yuqori tezlikdagi elektropoyezdlardan foydalanish kengaytiriladi.

Farmon bilan O‘zbekistonning logistika jozibadorligini tubdan yaxshilash, shuningdek, mahalliy aeroportlarda parvozlarga xorijiy aviakompaniyalarni jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish belgilandi. Unga bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov raislik qiladi.

Ishchi guruhining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • birinchi navbatda Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi, tashiladigan yo‘lovchilar soni va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun respublikadagi transport aloqa tizimini tubdan yaxshilash;
  • «ziyorat» turizmi yo‘nalishi orqali turistlar oqimini oshirish, shu jumladan Indoneziyadan doimiy aviaqatnovlarni ochish uchun aviakompaniyalarni jalb qilish masalalarini tezkorlik bilan hal etish;
  • turistlar oqimini jalb qilish maqsadida parvozlarning strategik muhim yo‘nalishlarini aniqlash;
  • mamlakat aeroportlarida yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida xorijiy tashuvchilar uchun moslashuvchan chegirma va preferensiyalar tizimini ishlab chiqish;
  • o‘zaro bog‘lovchi qatnovlarni, shu jumladan «mavsumdan tashqari» davrda tashkil etish orqali uzoq magistral yo‘nalishlarda yo‘lovchilar sonini ko‘paytirish;
  • xorijiy va mahalliy aviakompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish, shuningdek, ularning takliflarini ko‘rib chiqish va ularni aeroportlar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash;
  • charter reyslarini kelishish mexanizmini soddalashtirish;
  • mamlakatdagi ayrim aeroportlarda «Ochiq osmon» rejimini joriy etish;
  • mahalliy aviakompaniyalar tashkil etilishiga ko‘maklashish maqsadida normativ-huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish;
  • mamlakat ichkarisida intermodal tashuvlarni (avtobus, temir yo‘l va aviatashuvlar) ta’minlash uchun turistlarning transport tashuvini yanada rivojlantirish bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish;
  • aviakompaniyalar xarajatlarini kamaytirish va iste’molchilar uchun aviachiptalar narxini optimallashtirish;
  • mamlakat viloyatlari o‘rtasidagi ichki aviatashuvlar yo‘nalishlari sonini ko‘paytirish;
  • xorijiy yetkazib beruvchilardan aviakerosin sotib olish mexanizmini xarid jarayonida shaffoflik va raqobatni ta’minlagan holda takomillashtirish.

Farmonga muvofiq, uch oylik muddatda blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda reyslarni (avtobus, avia va temir yo‘l) qulay tarzda bog‘lovchi yo‘l chiptalarini sotishni nazarda tutuvchi respublika transport tizimining yagona elektron portali yaratilishi lozim.