1 fevralga qadar foto va videotasvirga olish mumkin bo‘lmagan hududlar va jamoat joylarining ob’ektlari ro‘yxati tuzilishi lozim. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida Ichki ishlar vazirligiga ushbu topshiriq berilgan. Ro‘yxat Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari, boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqiladi.

Ro‘yxat qabul qilinganidan so‘ng Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq 1 martga qadar foto va videotasvirga olish taqiqlangan tegishli ko‘rsatkich belgilarni ikki va undan ortiq (ingliz, rus va boshqa) tillarda o‘rnatishi lozim.

Qarorda tegishli ko‘rsatkich belgilari bo‘lmagan taqdirda foto va videotasvirga olishga to‘sqinlik qilinmasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning fevralida prezident «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzolagan edi. Hujjatda turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshirilishi, ro‘yxati qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan hamda barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan ob’ektlar bundan mustasno ekanligi belgilab berildi.

1 iyundan esa Toshkent metropolitenida foto va videotasvirga olishga taqiq bekor qilindi.