O‘zbekiston Markaziy banki 2018 yil 29 dekabr kuni Toshkentdagi «Poytaxt bank» aksionerlik jamiyatiga bank operatsiyalarini amalga oshirishga litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar berdi.

Bankning ustav kapitali 100 foiz poytaxt hokimiyati hisobidan shakllantirilib, 100 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Toshkent hokimiyati moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Lutfilla Nurullayevich Ismatullayev bank kengashi raisi bo‘ldi. Boshqaruv raisi — Qahramon Tursunovich Aripov.

Bank Toshkentning Chilonzor tumani Islom Karimov ko‘chasi 55- uyda, Davlat raqobat qo‘mitasining sobiq binosida joylashgan.

«Poytaxt bank» aksionerlik tijorat turar joy-qurilish jamg‘arma bankini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror 2017 yil martida qabul qilingan edi. Uning asosiy vazifalari — aholi va yuridik shaxslarning turar-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda ipoteka kreditlarini ajratish va bank xizmatlarini ko‘rsatish, arzon ko‘p kvartirali uylarni quruvchi pudratchi tashkilotlarga kredit resurslarini ajratish, arzon ko‘p kvartirali uylarni loyihalash va qurishda buyurtmachi vazifalarini bajarish va boshqalardan iborat.