O‘zbekistonda monopoliyaga qarshi davlat organini mustaqil alohida organ sifatida tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 15 yanvargacha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasida so‘z boradi.

Hujjatda raqobatni rivojlantirish, tabiiy monopoliya sub’ektlari faoliyatini nazorat qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasidagi vazifalarni o‘tkazgan holda mustaqil monopoliyaga qarshi davlat organini tashkil etish taklif etilmoqda.

«Gazeta.uz"ning Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasidagi axborot manbasi ma’lumotiga ko‘ra, mahkamani bir necha qismga bo‘lish, jumladan Monopoliya qo‘mitasini alohida tuzilma sifatida ajratib chiqarish rejalashtirilmoqda.

«Bo‘linish to‘g‘risidagi gaplar yarim yildan beri bor. Davlat raqobat qo‘mitasini beshta qismga ajratish, ajralib chiqayotgan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasiga Davlat mulk qo‘mitasi bilan birlashishgacha bo‘lgan vazifalar yuklatiladi», — dedi suhbatdosh.

2012 yil noyabrida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi bazasida Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etilgan edi. 2017 yilda u Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi.

Qayd etish joizki, Davlat raqobat qo‘mitasi raisi lavozimi qo‘mitaning sobiq raisi Ravshan G‘ulomov Vazirlar Mahkamasining makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish, moliya va bank tizimini isloh qilish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamentiga rahbar etib tayinlan 8 avgustdan beri vakant qolmoqda.

Davlat raqobat qo‘mitasi saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, uzoq vaqtdan buyon Monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish va tabiiy monopoliyalar bosh boshqarmasi boshlig‘i, Monopoliyaga qarshi ishlarni tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i, Raqobatni rivojlantirish bosh boshqarmasi, Iqtisodiy nochor korxonalar tahlili va sog‘lomlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i va boshqa bir qator bo‘linmalar boshliqlari lavozimlari vakant qolmoqda.

2019 yilgi Davlat dasturi quyidagi manzillarda muhokama qilinmoqda: