Polkovnik Mahamadali Ismoilov noyabrda O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Probatsiya xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.

Probatsiya xizmati Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida tashkil etilgan edi. U 1 yanvardan o‘z faoliyatini boshladi.

Xizmatning vazifalari — IIOning ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni (jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari va h.k.) ijro etish bo‘yicha faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etishdan iborat.

Xizmat nazorat ostidagilar, shuningdek jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan ularning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy ko‘maklashish bilan ham shug‘ullanadi.