O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish doirasida bosh vazir o‘rinbosarlari sonini optimallashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 15 yanvargacha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasida so‘z boradi.

Hujjatga muvofiq, 1 aprelga qadar bosh vazir o‘rinbosarlarining bir vaqtning o‘zida muayyan idoraga rahbarlik qilish amaliyotini bekor qilishni ko‘zda tutuvchi prezident farmoni loyihasi ishlab chiqilishi lozim.

Ayni paytda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov bir vaqtning o‘zida «O‘zbekiston temir yo‘l"ari» kompaniyasi boshqaruvi raisi hisoblanadi, bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov — moliya vaziri, Suxrob Xolmurodov — Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari, Tanzila Norboyeva — Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Avvalgi bosh vazir o‘rinbosarlari sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, «O‘zavtosanoat», «O‘zbekneftgaz», «O‘zagrotexsanoatxolding» va boshqa tuzilmalarga rahbarlik qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida «ixcham» Vazirlar Mahkamasi lozim ekanini ta’kidlab o‘tgan edi.

«Davlat boshqaruv tizimini isloh qilishimiz, ilg‘or davlat menejmenti va „aqlli“ boshqaruv prinsiplariga bosqichma-bosqich o‘tishimiz lozim», — degan edi u.

Prezident hozirgi kunda Hukumat komplekslari tarkibiga 160 dan ortiq idora va tashkilotlar kiradi, Bosh vazirning soha va tarmoqlar bo‘yicha 8 nafar o‘rinbosari mavjudligini, biroq Vazirlar Mahkamasi va uning tarkibidagi idoralarning islohotlar jarayonidagi o‘rni bugungi kun talabiga javob bera olmayotganini ta’kidlab o‘tdi.

2019 yilgi Davlat dasturi loyihasida vazirlik va idora rahbarlari shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida ular tomonidan tayyorlangan hujjatlarni Bosh vazirga bevosita axborot berish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosarlari va boshqa hukumat a’zolari tomonidan tayyorlanayotgan hujjatlarning sifati, amaliyotda to‘g‘ri ishlashi va samaradorligiga baho berish maqsadida Vazirlar Mahkamasida doimiy ishlovchi kengash tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, hududiy rivojlanish, shuningdek tashqi-siyosiy va tashqi-iqtisodiy sohalardagi vakolatlarini, uning a’zolari javobgarlik chegaralarini aniq belgilash rejalashtirilmoqda.

2019 yilgi Davlat dasturi quyidagi manzillarda muhokama qilinmoqda: