Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Sirdaryo» chegara bojxona posti orqali tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib kirilishiga doir yana bir bojxona qoidabuzarligi fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Sirdaryo» chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan «Gaz-2217» rusumli yuk avtomashinasida kirib kelgan fuqaro I.S. bojxona nazoratidan o‘tayotib, o‘ziga tegishli bo‘lgan yuklari haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qiladi.

Shundan so‘ng belgilangan tartibda tekshiruvlarni boshlagan bojxona xodimlari avtomashinada deklaratsiyalanmagan, yashirin tarzda olib o‘tilayotgan 30 xil turdagi, jami 48 dona parfyumeriya mahsulotlari borligini fosh etishgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati 5,4 million so‘mni tashkil etdi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.