2018 yil 26 oktyabrda soat 04:00 larda Oqdaryo tumanidagi «Qum ota buva» fermer xo‘jaligi yer maydonida B.Uroqov va I.Uroqov fuqaro F.Ubaydullayevani har hil nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, sha’ni qadr-qimmatini qasddan kamsitgan va urib, yengil tan jarohati yetkazgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, huquqbuzarlar Sh. Elbekov hamda F.Ubaydullayeva 2018 yil 26 oktyabrda soat 04:00 larda Oqdaryo tumanidagi «Qum ota buva» fermer xo‘jaligiga tegishli, har bir kilogrammi 7000 so‘mdan bo‘lgan, jami 140 kilogramm, umumiy qiymati 980.000 so‘mlik moshlarni o‘g‘irlab, oz miqdorda talon-taroj qilgan.

«Gazeta.uz» manbasining xabar berishicha, ushbu fermer xo‘jaligida shartnoma asosida ishlagan. Bu orada kungaboqar va mosh terishga yordam bergan. Fermer ayolga maoshning yarmini bergan. Shundan so‘ng Ubaydullayeva prokuraturaga murojaat qilgan, fermer esa mosh terib olingach maosh to‘lashga va’da bergan.

Ayolning aytishiga qaraganda, u turmush o‘rtog‘i bilan mosh tergani borgan va u yerda fermerning ukalari uchratgan. Ular ayolni urib, haqoratlagan. Ushbu holat videoga olingan. Jabrlanuvchi holat yuzasidan prokuraturaga arz qilgan. Videoda tungi vaqtda ayolga kuch ishlatilib, haqorat qilingani ko‘ringan.

Mazkur holat bo‘yicha Oqdaryo tuman IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilib, B.Uroqov hamda I.Uroqovga nisbatan MJtKning 41-moddasi, 52-moddasi 2-qismi, Sh. Elbekov hamda F.Ubaydullayevaga nisbatan MJtKning 61-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka doir ish qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilingan.

Oqdaryo tuman ma’muriy sudining 04.12.2018 yilgi qarori bilan huquqbuzarlar B.Uroqov hamda I.Uroqov MJtKning 41-moddasi, 52-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlar deb topilib, ularning har biriga MJtKning 34-moddasiga asosan jazoning og‘irrog‘i tariqasida o‘zil-kesil eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida, ya’ni 368.000 so‘mdan jarima jazosi tayinlangan.

Huquqbuzarlar Sh. Elbekov hamda F.Ubaydullayeva MJtKning 61-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlar deb topilib, ularning har biriga eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida, ya’ni 184.300 so‘mdan jarima jazosi tayinlangan.