2019-yil 15-yanvaridan O‘zbekistonga sayohat maqsadida tashrif buyuruvchi Germaniya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etiladi, deya xabar qildi Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Prezidentning 2016-yil 2-dekabrdagi farmonida germaniyalik sayyohlar uchun 2021 yil 1 yanvaridan vizasiz rejimni joriy etish ko‘zda tutilgan edi. O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi germaniyalik sayyohlar soni ortib borayotganini hisobga olgan holda farmonga o‘zgartishlar kiritildi.

Davlat turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda Germaniyadan 4889 nafar sayyoh kelgan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 7207, 2018-yilda esa 18094 nafarga (2,5 barobardan ortiq o‘sish) yetdi.

Germaniya fuqarolari O‘zbekistonga elektron vizalar rasmiylashtirish tizimidan (e-visa.gov.uz) foydalangan mamlakatlar ro‘yxatida 10-o‘rinni egalladi. Tizim ishga tushirilgan 15-iyuldan-28 dekabrga qadar GFRning 1089 fuqarosi elektron kirish vizalarini rasmiylashtirdi.

Qayd etish joizki, yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi rejalashtirilgan.