2 yanvar kuni soat 17:00 larda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidan oqib o‘tuvchi So‘x-Shoximardonsoy kanalidan qiz jinsiga mansub shaxsi noma’lum chaqaloq murdasi topildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Oltiariq tuman IIB navbatchilik qismi ma’lumotiga tayanib «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Chaqaloq murdasi suvdan chiqarib olinib, viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosi eksperti ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning ayol jinsiga mansubligi va unda tan jarohatlari (bo‘g‘ish, tashqi ta’sir natijasida o‘ldirish kabi belgilar) mavjud emasligi, shuningdek kindigi 3 sm. ni tashkil qilib, tibbiyotga xos bo‘lmagan usulda kesilgan va bog‘lanmaganligi aniqlangan.

Viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosining 2 yanvardagi dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, chaqaloq murdasi suvda taxminan 10 kun qolib ketgan. Ichki tana a’zolari tekshirilganda, uning oshqozonida sut qoldig‘i topilmagan, murdaning o‘lim sababi, tug‘ilganidan so‘ng yashagani, suvga tirik yoki o‘lgan holatda tushganligi kabi holatlar sud-gistologiya tekshiruvi natijasiga ko‘ra aniqlanadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tuman va shahar IIB, tibbiyot hamda o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari keng jalb qilinib, chaqaloq va uning onasini shaxsini aniqlashga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.

Mazkur holat ustidan Bosh prokuratura nazorati o‘rnatilgan.