O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 yanvar kuni joriy yil 1 yanvardan boshlab Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi lavozimiga kirishgan Vladimir Norovni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi vakilining shunday yuqori va mas’uliyatli lavozimga — SHHT Bosh kotibligiga tasdiqlanishi tarixiy voqea ekanini ta’kidladi.

Birinchi marta O‘zbekiston fuqarosi xalqaro tashkilotning rahbari etib tayinlandi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston prezidenti ochiq va konstruktiv muloqot uchun samarali maydon, ko‘p qirrali hamkorlikning ta’sirchan mexanizmi, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikning muhim omiliga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatiga yuqori baho berdi.

Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ishga solinmagan ulkan salohiyati mavjudligiga alohida e’tibor qaratdi. Xavfsizlikni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, turizm, qishloq xo‘jaligi hamda mintaqalararo hamkorlik sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etib o‘tildi.

Uchrashuv so‘ngida davlat rahbari V.Norovga SHHT bosh kotibi lavozimida omad va muvaffaqiyat tiladi.