30 dekabr kuni soat 16:30 lar atrofida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Xidirsha MFYda joylashgan, hali ishga tushirilmagan «Hayvonot bog‘i» soqchisi X.A. hech kim yo‘q vaqtda 2 bosh sher boqilayotgan qafasga ular bilan o‘ynash maqsadida kirganida, sherlar hujumiga uchradi.


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, X.A. «bo‘yin va tananing boshqa sohalarida ko‘plab ochiq yaralar, tananing orqa yuzasida ko‘plab o‘tkir botiq yaralar jarohatlari» yetkazilishi va o‘tkir qon tomir yetishmovchiligi natijasida voqea joyida vafot etgan.


Mazkur holat yuzasidan voqea joyiga tuman prokurori, uning birinchi o‘rinbosari, tuman IIB boshlig‘i va tezkor tergov guruhi yetib borgan.


Ayni vaqtda tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.


Tergovga qadar tekshiruv davomida 30 dekabr kuni Sud-tibbiy va sud-kriminalistik ekspertizalari tayinlangan. Shuningdek 31 dekabr kuni Andijon viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga «Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi» qoidalari talablari buzilgan yoki buzilmagani yuzasidan tekshiruv tayinlangan.