O‘zbekistonda 2019 yil 1 yanvardan boshlab turar-joy egalari o‘z uylarini qisqa muddatli ijara shartnomasiga asosan 30 kungacha bo‘lgan muhlatga ijaraga berishi mumkin. Bu «Ayrim turdagi inshootlarni vaqtinchalik yashash uchun berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilab qo‘yilgan. Ushbu qaror Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilindi, deyiladi O‘zA xabarida.

Qarorga asosan, uyini ijaraga bermoqchi bo‘lgan shaxs emehmon.uz yagona elektron tizimidan ro‘yxatdan o‘tishi zarur. Ijara shartnomasini notarial tasdiqlash shart emas hamda uyni ijaraga berish uchun soliq organlarida qayddan o‘tish talab qilinmaydi.

Turar-joy binosini 30 kungacha, lekin bir yilda 60 kundan oshmagan muddatga ijaraga beruvchi mulkdorlar hech qanday qaydnomasiz tadbirkorlik sub’ekti sifatida sayyohlarga joylashuv xizmatlarini ko‘rsatishlari mumkin.

Uyini 30 kungacha, ammo yiliga 60 kundan ortiq muddatga ijaraga berish bilan shug‘ullanadigan shaxslar esa tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va ijaraga taqdim etilayotgan turar-joydan qonunchilik bilan belgilangan tartibda joylashuv vositasi sifatida foydalanishi shart.

Ayni paytda uylarini ijaraga beruvchi shaxslar turistik yig‘im uchun ham javobgar hisoblanadi.