2018-yilda iste’mol sektorida inflyatsiya 14,3 foizni tashkil etdi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi. Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari 14,9 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 12,5 foiz va xizmatlar 15,8 foizga qimmatlashdi.

12 oy ichida oziq-ovqat mahsulotlarining qariyb barcha asosiy guruhlari narxlari oshdi. Faqatgina tuxum 0,5 foizga (dekabrda 0,2 foizga qimmatlashdi) va shakar 11,5 foizga (dekabrda 0,4 foizga qimmatlashdi) arzonlashdi.

Non mahsulotlari narxi yil davomida 28,5 foizga, go‘sht, tovuq va baliq — 21,7 foizga, sut mahsulotlari — 12,9 foizga, yog‘-moy — 8,7 foizga, meva va sabzavotlar — 4,7 foizga, alkogolsiz ichimliklar — 4,8 foizga, alkogol ichimliklari — 15,8 foizga oshdi.

Guruch narxi sezilarli darajada — 62,5 foizga qimmatlashdi. Xorazm viloyatida uning bahosi qariyb 1,9 barobarga oshdi.

Yil davomida O‘zbekistonning barcha hududlarida kartoshka narxi arzonlashdi. Andijon viloyatida 36,3 foizga arzonlashgan bo‘lsa, Xorazm viloyatida 18,2, Toshkent viloyatida 20,5 foizga pasaydi. Karam esa aksincha, o‘rtacha 2,4 barobarga qimmatlashdi. Jumladan, Buxoro viloyatida 3 barobar, Xorazm va Namangan viloyatlarida — 3,1 barobarga oshdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari ichida yil davomida eng ko‘p tamaki mahsulotlari qimmatlashdi — 28 foizga. Shuningdek, avtomobil yoqilg‘isi — 23,4 foiz, qurilish materiallari — 18,6 foiz, kitob, gazeta va jurnallar — 16,4 foizga oshdi. Kiyim narxlariga 11,6 foiz, shaxsiy gigiyena — 8,6 foiz, aloqa vositalari — 8,5 foiz, shaxsiy transport — 7 foiz, yuvish va tozalash mahsulotlari — 6,4 foiz, dori vositalari — 5,3 foiz qo‘shildi.

Yilning birinchi yarmida qurilish materiallari 17,3 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, ikkinchi yarimyillikda bor-yo‘g‘i 0,1 foizga oshdi. Jumladan, g‘isht 12 oy ichida 52,1 foiz, sement — 21,7 foiz, gulqog‘oz — 21,2 foiz, shifer — 14,8 foiz, shpatlyovka — 14,1 foiz, bo‘yoq — 8,9 foiz, linoleum va laminatlangan plitalar — 8, foizga oshdi.

Maishiy xususiyatga ega xizmatlar va yo‘lovchi transporti xizmatlarining qimmatlashishi (14,8 foiz) aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatish sohasida narxlar o‘sishiga katta ta’sir qildi. Eng ko‘p uy-joy kommunal xizmatlari — 25,6 foizga o‘sdi.

Sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari 46,9 foizga, uy-joy mulkdorlari shirkatlari a’zolik badali — 27,2 foiz, isitish tizimi to‘lovi — 24,6, elektr energiyasi va issiq suv ta’minoti — 22,4 foiz va tabiiy gaz — 21,5 foizga qimmatlashdi.

Temir yo‘l transporti xizmatlari 2018-yilda 28,6 foizga, avtomobil — 15,8 foizga, havo transporti — 5,7 foizga oshdi.

Ta’lim xizmatlari — 17 foiz, sport xizmatlari — 15,5 foiz, aloqa xizmatlari — 11,7 foiz, tibbiy xizmatlar — 7,9 foizga, maktabgacha ta’lim muassasalari xizmatlari — 6,4 foizga, madaniyat muassasalari xizmatlari — 5,5 foizga oshdi.