31-dekabr kunidan e’tiboran Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga barqaror tabiiy gaz yetkazib berish boshlandi, xabar berdi “O‘ztransgaz” kompaniyasi matbuot xizmati.

Oxirgi yillarda kuz-qish davrida, ayniqsa havo sovuq kunlarda tabiiy gaz bosimining pasayishi yoki umuman tabiiy gaz bo‘lmasligi ayniqsa Vodiy viloyatlari aholisining jiddiy tashvishiga aylangan edi. Bu masala aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lgan, deyiladi kompaniya xabarida.

Ushbu muammoni hal etish, odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratib berish maqsadida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qozog‘istonning “KazTransGaz” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilib, uning natijasi ularoq Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini bir maromda va barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha muhim kelishuv imzolandi.

“Yangi 2019-yil Farg‘ona vodiysi iste’molchilari uchun qutlug‘ keladigan bo‘ldi, — deydi „O‘ztransgaz“ raisi Bahodir Eshmuratov. — Qozog‘iston Respublikasining „KazTransGaz“ kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvga asosan „Gazli-Chimkent-Toshkent-Pungon“ yo‘nalishi bo‘yicha tabiiy gaz to‘g‘ridan to‘g‘ri „Gazli“ gazni yer ostida saqlash inshootidan Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga yetkazib beriladi. Bu vodiydagi ko‘p sonli aholimiz, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarini bir maromda va yuqori bosimda tabiiy gaz bilan ta’minlash imkonini yaratdi”.