Kirib kelayotgan yangi yil bayramida odamlarga bayram tuhfasi sifatida Toshkent shahrining Yunusobod tumani, Chilonzor tumani va Xalqlar do‘stligi maydonida bayram mushakbozliklari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mushakbozlik 2018 yil 31 dekabrdan 2019 yil 1 yanvarga o‘tar kechasi, soat 24:00 da boshlanadi. Odamlar bayram mushakbozligini quyidagi manzillarda jonli tomosha qilishlari mumkin:

Yunusobod tumanida: Yangi shahar ko‘chasi va Yangi Yunusobod ko‘chasi kesishmasida, Yangi shahar va Bog‘ishamol ko‘chalari kesishmasida.

Xalqlar do‘stligi maydonida: Xalqlar do‘stligi maydoni, Beshyog‘och maydoni, Seul hamda Bobur ko‘chalarida;

Chilonzor tumanida: Bunyodkor ko‘chasi va Kichik Xalqa avtomobil yo‘li ko‘chasi kesishmasi, Bunyodkor yo‘li ko‘chasi hamda «Milliy» stadionining Chilonzor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida joylashgan avtomobillar to‘xtash joyida.

Yangi yil mushakbozligi tomoshalari O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining barcha telekanallari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi.

2018 yil 31 dekabrdan 2019 yil 1 yanvar kuniga o‘tar kechasi «A.Navoiy» majmuasi, «O‘zbekiston milliy bog‘i», «Xalqlar Do‘stligi» san’at saroylari oldida tashkil etiladigan mushakbozlik tomoshalaridan so‘ng odamlarni manzillarga olib borish uchun ajratiladigan avtobuslar xaqida ma’lumot:

2018 yil 31 dekabrdan 2019 yil 1 yanvar kuniga o‘tar kechasi tashkil etiladigan mushakbozlik tomoshalari vaqtida «A.Navoiy» majmuasi, «O‘zbekiston milliy bog‘i», «Xalqlar Do‘stligi» san’at saroylari atrofidagi ko‘chalar (Furqat, Bobur, I.Karimov, Seul, Afrosiyob, Beshyog‘och, T.To‘la, Chilonzor, va K.Yormatov) qisman yopiladi. Shuni inobatga olib, mushakbozlik tadbirida ishtirok etadigan fuqarolarni tadbirdan so‘ng shahar markazidan manzillarga olib chiqish maqsadida, jamoat transporti yo‘nalishlari harakati qo‘shimcha ravishda tashkil qilinadi, jumladan:

1) Furqat va Navoiy ko‘chalari kesishmasi — 10 ta avtobus;

2) Qoratosh va Samarqand Darvoza ko‘chalari kesishmasida — 10 ta avtobus;

3) Bunyodkor va I.Karimov ko‘chalari kesishmasida — 11 ta avtobus;

4) Bobur va O‘rikzor ko‘chalari kesishmasida — 10 ta avtobus.

Bundan tashqari, 2018 yil 31 dekabr kuni Toshkent shahrining bayram tadbirlari o‘tkaziladigan 17 ta joylardan o‘tuvchi yo‘nalishlarda avtobuslarning soat 01:00 gacha ishlashi ta’minanadi, markaziy avtoshohbekatlarda avtobuslar harakatini nazorat qilish uchun qo‘shimcha ravishda xodimlarning navbatchiligi tashkil qilinadi.