31 dekabr kuni O‘zbekiston hududida quruq va iliq havo hukmron bo‘lishi, Yangi yilning birinchi kuni esa respublika bo‘ylab ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati e’lon qilgan O‘zgidromet hisobotida bu haqda so‘z boradi.

Tungi harorat 0 daraja atrofida, kunduzi esa +6…+9 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

So‘nggi 50 yildagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda 31 dekabr kuni o‘rtacha 4−5 yilda, 1 yanvarda esa 2−3 yilda yog‘ingarchiliklar kuzatiladi.

«Bu yog‘ingarchiliklar har doim ham qor ko‘rinishida bo‘lavermaydi, Yangi yil kechasida qor yog‘ishi esa noyob holat, — deya qayd etadi sinoptiklar. — Bizning O‘rta Osiyo iqlimiga xos holat bu. So‘nggi yillarda butun dunyoda kuzatilayotgan global isish natijasida iliq qishlar soni o‘smoqda va mos ravishda qor ko‘rinishidagi qishki yog‘ingarchiliklar ulushi kamaymoqda».

Meteorologik kuzatuvlar tarixida Toshkentda eng sovuq Yangi yil kechasi 1889 yilda kuzatilgan — 28 daraja sovuq.

So‘nggi 50 yil davomida Toshkentda bu kabi past harorat kuzatilmadi va bu davr ichida eng sovuq kecha 1991 yil 1 yanvarida qayd etildi. O‘sha vaqtda Toshkentda harorat 13 daraja sovuqni tashkil etgan.

2009 dan 2010 yilga va 2015 dan 2016 yilga o‘tishda kunduzgi harorat 18−19 darajaga qadar ko‘tarilgan.

So‘nggi yillar davomida 2017 yilning birinchi kuni eng qorli bo‘lgan edi. Qor Yangi yil kechasi yog‘ishni boshlab, 1 yanvarda kun bo‘yi tinmadi.

«Shunday yillar bo‘ladiki, qor avvalroq yog‘adi va qor qoplamasi Yangi yil bayrami kunlari ham erimay turadi. Oxirgi marta 2011−2012 yillarda shunday holat kuzatildi. O‘shanda ob-havo O‘zbekiston aholisida yangi yil kayfiyatini tortiq etish bo‘yicha o‘z majburiyatini avvaldan bajargan edi. Eski yilning so‘nggi haftasida bir necha marta qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar kuzatildi va 27 dekabrga kelib daraxtlardagi momiq qor shaharni bezadi va haqiqiy qish ertagini yodga soldi», — deya ta’kidladi sinoptiklar.