GM Uzbekistan, SamAuto va JV MAN Auto-Uzbekistan kompaniyalariga taqdim etilgan soliq imtiyozlari bekor qilindi. Endilikda ular faqat qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lashdan ozod qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari hamda 2020−2021 yillarga byudjet mo‘ljallari to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi.

Bunga qadar GM Uzbekistan O‘zbekiston hududida amal qiluvchi barcha soliq to‘lovlari, shuningdek Respublika yo‘l fondiga majburiy to‘lovlardan ozod qilingan edi. Butlovchi qismlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar ham QQS, daromad solig‘i va ularni ishlab chiqarish uchun foydalaniluvchi asosiy vositalardan mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod qilingan edi.

Samarqand avtomobil zavodi daromad solig‘i, yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i, yuridik shaxslardan yer solig‘i, QQS va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalardan ozod qilingan edi. Endilikda ushbu zavod ham faqat QQS to‘lashdan ozod qilindi.

JV MAN Auto Uzbekistan O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi yuridik shaxslar daromad solig‘i, QQS va Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan ozod qilingan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida O‘zbekiston bozorning barcha ishtirokchilari uchun adolatli soliq rejimini yaratish uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalardan bosqichma-bosqich voz kechishini ma’lum qilgan edi.