25 dekabr kuni kechasi Toshkentning Sergeli tumanida noma’lum shaxslar bir qancha avtomobillar oynasini sindirib, salondan pul va buyumlarni o‘g‘irlagan. Poytaxt IIBBning xabar qilishicha, shu kunning o‘zida mazkur tumanda yashovchi ikki nafar voyaga yetmagan o‘smir qo‘lga olindi.

Sergeli tuman IIB xodimlari jabrlanuvchilardan birining xabari bo‘yicha hodisa joyiga yetib bordi. 3:00 dan 5:00 ga qadar sakkizta mashinaning oynalari sindirilgani ma’lum bo‘ldi. Biroq faqat besh haydovchi hodisa haqida ma’lum qildi.

Jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganlar shaxsi videokameralar qaydlari orqali aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi («O‘g‘irlik») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.