Yangi yil arafasida Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida qurib bitkazilgan «Yoshlar istirohat bog‘i» foydalanishga topshirildi. Bog‘ning ochilish marosimida hokimlik, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida barpo etilgan bog‘ning umumiy qiymati 5 milliard 575 million so‘mni tashkil qildi. Bog‘ majmuasini barpo etishga davlat byudjetidan 1 milliard 780 million, homiylar hisobidan 1 milliard 410 million, tadbirkorlar tomonidan 2 milliard 384 million so‘m mablag‘ sarflandi. Besh oyda 3 gektarlik maydonda barpo etilgan bog‘da konsert va tomoshalar uchun amfiteatr, yoshlar kovorking markazi ishga tushirildi.

Ayniqsa, bog‘ tarkibida «Yosh tadbirkorlar» kovorking markazi ishga tushirilishi biznes bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yigit-qizlar uchun katta qulaylik yaratdi. Hududdagi bo‘sh turgan bino Yoshlar ittifoqining 87 million, mahalliy byudjetdan 50 million so‘m mablag‘i hisobiga rekonstruksiya qilinib, markaz uchun barcha sharoitlar yaratildi.

— Davlat dasturi asosida yaratilgan imkoniyatlardan tumanimiz yoshlari unumli foydalanishga harakat qilmoqda, — deydi «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi tuman filiali rahbari Elyor Igilikov. — Dastur asosida 10 nafar yosh tadbirkorga 4 milliard 501 million imtiyozli kreditlar ajratildi. Shu hisobdan 28 ta ish o‘rni yaratildi. 2019 yilda 38 nafar yosh tadbirkorga 10 milliard 370 million so‘m kredit olishiga ko‘maklashish ishlari amalga oshiriladi.