O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni parlamentga an’anaviy murojaatida mamlakatda urbanizatsiya darajasini 2030 yilgacha 60 foizga yetkazish zarurligi to‘g‘risida ma’lum qildi.

U tegishli davlat dasturini ishlab chiqishga topshiriq berib, mazkur yo‘nalishga bosh vazir Abdulla Aripovni shaxsan mas’ul etib tayinladi.

Bugungi kunda mamlakatimizning urbanizatsiya darajasi 35,5 foizni tashkil etadi va hozirdan boshlab zarur choralar ko‘rilmasa, ushbu ko‘rsatkich yaqin kelajakda pasayishi mumkin, dedi davlat rahbari.

«Bu borada faqat poytaxt va viloyat markazlari bo‘lgan shaharlarni emas, avvalo, hududlarda joylashgan shahar va posyolkalarni kompleks rivojlantirish, e’tibor markazida turishi kerak. Qishloq joylarda namunaviy uy-joylar qurish dasturlaridan bosqichma-bosqich shahar va posyolkalarda ko‘p qavatli uylar qurishga o‘tishimiz lozim», — dedi prezident.

Kommunal-muhandislik infratuzilma ham uy-joylarni qurish dasturlari bilan uzviy bog‘liq holda rivojlanishi darkor, dedi u.

Shu bilan birga, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun maxsus jamg‘arma tuziladi.

«Binolar va inshootlar joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar ana shu jamg‘armada to‘planadi. Biz bu yangi tizim orqali hududlarimiz qiyofasini yanada obod qilishga va aholi farovonligini oshirishga erishamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.