Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni parlamentga murojaatnomasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida «O‘zbekiston tarixi» kanali tashkil etilishini ma’lum qildi.

Davlat rahbari o‘z nutqida mamlakat kelajagiga yo‘naltirilgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda kuch-qudrat manbai bo‘ladigan milliy g‘oyani rivojlantirish masalasiga e’tibor qaratdi. O‘zbekistonning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

«Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz-avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishimiz kerak. Shu maqsadda, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida „O‘zbekiston tarixi“ kanalini tashkil etib, ilmiy jamoatchilik, ijodkor ziyolilarimiz bilan birgalikda, uning dasturlarini puxta shakllantirish zarur», — dedi davlat rahbari.

Vazirlar Mahkamasi, Fanlar akademiyasi va boshqa tegishli tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berildi.