Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga an’anaviy murojaatida Vazirlar Mahkamasi a’zolarini Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyotini kiritishni taklif qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

«Hozirgi kunda Konstitutsiyaga muvofiq parlament bosh vazirni tasdiqlaydi. Lekin, vazirlarni lavozimga qo‘yishda qatnashmaydi. Shuning uchun Hukumat a’zolari parlament oldida mas’uliyatni yetarli darajada his etayotgani yo‘q. Shu bois Vazirlar Mahkamasi a’zolarini Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyotini kiritishni taklif etaman», dedi prezident.

«Bo‘lajak vazir parlament a’zolari oldida sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini himoya qilsin va unga erishish yo‘llarini asoslab bersin. Bir so‘z bilan aytganda, lavozimga munosib ekanini isbotlasin», deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shuningdek Vazirlar Mahkamasi va uning tarkibidagi idoralar haqida ham fikr bildirdi.

«Barcha davlatlarda hukumat turli sohalardagi islohotlar ijrosi uchun javob beradigan organ hisoblanadi.

Hozirgi kunda hukumat tarkibiga 160 dan ortiq idora va tashkilotlar kiradi, bosh vazirning soha va tarmoqlar bo‘yicha 8 nafar o‘rinbosari mavjud. Lekin Vazirlar Mahkamasi va uning tarkibidagi idoralar bugungi islohotlar jarayonida to‘laqonli kuchga aylandimi? Bu savolga, afsuski, ijobiy javob berolmaymiz.

Vazirlar arzimagan masala bo‘yicha ham bosh vazir oldiga qatnaydi. Oqibatda hukumat faqat kundalik masalalarni hal qiladigan tuzilmaga aylanib bormoqda", dedi prezident.