«Farg‘ona viloyatida chorvachilik va naslchilik ishlarini tubdan takomillashtirish, tarmoq faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Hujjatga muvofiq, Farg‘ona viloyatida «Chorva nasl xizmat» markazi va uning hududiy markazlari tashkil etildi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

2019−2021 yillarda Farg‘ona viloyatida go‘sht yo‘nalishidagi bo‘rdoqichilik komplekslarini tashkil etishning prognoz ko‘rsatkichlari;

viloyatda chorvachilik va naslchilik ishlarini tubdan takomillashtirish, tarmoq faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi».

Yo‘l xaritasida belgilangan tadbirlarga ko‘ra, chorvachilikda sun’iy urug‘lantirish ishlarini yanada rivojlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida viloyat bo‘yicha jami 325 ta shoxobcha tashkil etish, sun’iy urug‘lantirish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar tayyorlash maqsadida doimiy faoliyat olib boruvchi o‘quv kursini tashkil etish, shuningdek har bir tumanda ikki-uchtadan 200−500 boshga mo‘ljallangan qoramolchilik bo‘rdoqichilik xo‘jaligini tashkil etish nazarda tutilgan

Shuningdek, qaror bilan Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.

2019 yil 1 martdan boshlab:

chorvachilik xo‘jaliklari yerlariga paxta ekmaslik yuzasidan mas’uliyat shaxsan tuman hokimlariga yuklatiladi;

chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarish, sotilgan mahsulotlar uchun to‘lovlar faqat pul o‘tkazish, naqd pullarni bank orqali kirim qilish yoki plastik kartalar orqali amalga oshirilishi shart.

paxta, g‘alla va bog‘dorchilik fermer xo‘jaligiga ijaraga berilgan yer uchastkalarida uchinchi shaxs tomonidan chorva ozuqa mahsulotlari yetishtirish uchun pudrat shartnomasi tuzilishiga ruxsat beriladi;

chorva mollari 50 boshdan ortiq bo‘lgan chorvachilikka ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarda alohida shtat asosida veterinariya vrachi va zootexnik mutaxassislar faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yiladi.