Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Gulbahor» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan fuqaro B.D. hamda uning boshqaruvidagi «Nexia» avtomobili bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, deklaratsiyalanmagan, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, 10500 AQSH dollarini avtotransport vositasining haydovchi o‘tiradigan qismining pastki qoplamasi ostiga xufyona yashirilgan holda olib o‘tishga bo‘lgan urinishi fosh qilindi.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 000 AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.