O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni parlamentga an’anaviy murojaatida 2019-yilga “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nom berishni taklif qildi.

U o‘z chiqishida kelgusida yilda 2018-yilda boshlangan loyiha va dasturlar davom ettirilishini ma’lum qildi.

“Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, faol investitsion siyosat olib boruvchi mamlakatlar rivojlanishda yuqori muvaffaqiyatlarga erishmoqda”, — dedi davlat rahbari.

U investitsiyalarni iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi, boshqa sohalar va mamlakat hududlarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi, yangi texnologiyalar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qiluvchi kuch deb atadi.

Investitsiyalarning so‘nggi maqsadi — O‘zbekistonda yashovchi har bir insonning hayot darajasini oshirishdan iborat, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Asosiy ustuvor vazifalar — ijtimoiy sohani rivojlantirish, yoshlarni munosib ta’lim bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, dedi u.

“Agarda biz tinchlik va sog‘liqni ta’minlay olsak — qolgan barchasiga erishamiz”, — deya ta’kidladi prezident.