Hukumat qarori bilan Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, markazlashtirilgan jamg‘armalar hukumat huzurida — respublika miqyosida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida — hududiy miqyosda tashkil etiladi.

Respublika jamg‘armasi hukumatning byudjet mablag‘laridan hamda homiylik va xayriya yordamlari mablag‘laridan shakllantiriladi.

Hududiy jamg‘armalar esa byudjet mablag‘lari bilan bir qatorda, «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasida yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan shakllantiriladi.

Respublika jamg‘armasi va hududiy jamg‘armalar mablag‘laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:

respublika jamg‘armasi mablag‘lari — prezident va hukumatning dasturlari, topshiriqlari asosida yetkazilgan zararlarni qoplash;

hududiy jamg‘armalar mablag‘lari — hokimliklarning tashabbusi bilan yetkazilgan zararlarni qoplash.

Mazkur jamg‘armalarni boshqarish uchun tarkibi hukumat tomonidan tasdiqlanadigan kuzatuv kengashlari tuziladi.

Kuzatuv kengashlarining tarkibiga hokimlar, kadastr boshqarmalari boshliqlari va boshqa mutasaddilar kiritiladi.

Kuzatuv kengashlari tomonidan qabul qilingan qarorlar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Yetkazilgan zararlarni qoplash respublika jamg‘armasi va hududiy jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan tegishli ravishda respublika jamg‘armasi kuzatuv kengashi va hududiy jamg‘armalar kuzatuv kengashlari taqdimnomasiga binoan hukumat qarori, farmoyishi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari asosida ajratiladi.