O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, hamkorlikning qator dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Prezidentlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Rossiya prezidentining joriy yil oktyabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uni aniq amaliy mazmun bilan boyitgani alohida ta’kidlandi.

Barcha darajada jadal va unumli aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini ta’kidlab, yangi yilda O‘zbekiston va Rossiya xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.