Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan:

konlar va istiqbolli maydonlar joylashgan yer uchastkalarini berishda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining ijobiy xulosasi olinadi;

noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya asosida foydalanuvchining murojaatiga ko‘ra yer uchastkalari o‘n kundan oshmagan muddatda ochiq savdolarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, litsenziyaning amal qilish muddatiga beriladi;

noruda foydali qazilmalarni qazib olish uzluksiz ikki yil bajarilmaganda qazilma zahiralarining o‘zlashtirilmagan qismi davlatga qaytariladi.

2019 yil 1 iyuldan byudjet hisobidan aniqlangan foydali qazilma konlari, 2020 yil 1 yanvardan barcha noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalari uchun litsenziya Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan «E-IJRO AUKSION» orqali 20 kundan oshmagan muddatda beriladi.

Qarorga ko‘ra tabiiy pardozbop toshlarni (marmar, granit, travertin va ohaktosh) qazib olish va ulardan foydalanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar 2022 yil 1 yanvarga qadar:

o‘z ehtiyojlari uchun chetdan olib kiriladigan maxsus texnika va uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi;

tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish, ilov berish, qayta ishlash bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i ikki barobarga kamaytirildi.

2019 yil 1 martgacha tabiiy prdozbop toshlarning milliy brendi va katalogi yaratiladi hamda ularning taqdimoti o‘tkaziladi.

Shuningdek, Jizzax viloyati Forish tumanini Navoiy viloyati Nurota tumani bilan bog‘lovchi temir yo‘lni qurish o‘rganib chiqiladi.

Bundan tashqari, qaror bilan Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.