27 dekabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida maxsus komissiya tomonidan 2018 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning eng yaxshi sportchisini aniqlash muhokama qilindi. Yig‘ilishda sport federatsiyalar (uyushmalar)idan kelib tushgan takliflar ko‘rib chiqilib, 2018 yil yakunlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolarining kompleks musobaqalar va jahon chempionatlaridagi ishtiroki tahlil etildi.Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

1−10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida 102 kilogrammgacha vazn toifasida dast ko‘tarishda jahon rekordini yangilab, oltin medal bilan taqdirlangan Akbar Jo‘rayev O‘zbekistonda yilning eng yaxshi sportchisi deb topildi.

O‘sha chempionatda 19 yoshli atlet ikkikurashda yoshlar o‘rtasida jahon rekordini yangilagandi. Shuningdek, Akbar Jo‘rayev bahorda yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi, yozda yoshlar o‘rtasida jahon chempionati kumush medalini qo‘lga kiritdi. Dekabr oyida Dohada o‘tkazilgan Tokio-2020 olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun reyting ochkolarini to‘plash imkonini beruvchi nufuzli xalqaro musobaqada uchta medal egasiga aylandi.

Komissiya a’zolari Akbar Jo‘rayevni «Yilning eng yaxshi sportchisi» — O‘zbekiston Milliy kubogi, belgilangan namunadagi guvohnoma hamda 10 000 (o‘n ming) AQSH dollariga teng miqdoridagi pul mablag‘i bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qarorni quvvatlab yakdillik bilan ovoz berishdi.