Bugun taxminan 10:35 da Chilonzor tumanidagi Beshyog‘och va Afrosiyob ko‘chalari chorrahasida «Humo arena» muz saroyi yaqinida qurilayotgan avtoturargoh o‘rnidagi ombor uchun ajratilgan binoda yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar qildi Toshkent IIBB. Qurilish materiallari yongan.

IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi o‘t o‘chiruvchilari yong‘inni 11:21 da bartaraf etdi. Jabrlanganlar yo‘q.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘inga payvandlash ishlarini olib borishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagani sabab bo‘lgan. Ko‘rilgan zarar miqdori aniqlanmoqda, deyiladi xabarda.

Qurilish maydonchasida yong‘in xavfsizligi choralari kuchaytirildi, jumladan pudratchi tashkilot xodimlari bilan profilaktik ishlar olib borilmoqda.