Oilalarning buzilishi sabab bo‘lgan qarindoshlarni ma’muriy javobgarlikka tortish taklif qilindi. Bu haqda shanba kuni bo‘lib o‘tgan Xotin-qizlar qo‘mitasi hisobot-saylov konferensiyasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ma’lum qildi.

Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari Tanzila Norboyevaning ta’kidlashicha, ko‘plab holatlarda kelinlarni turmush o‘rtog‘ining uyiga propiskaga qo‘yish masalasi qasddan ortga surilmoqda. Shu sababdan qonunchilikka kelin yangi uyda yashashni boshlashi bilanoq uni propiskaga qo‘ymagan oila a’zolari javobgarligini oshirishga oid me’yorni kiritish taklif etilmoqda.

«Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqaro qayerdaki vaqtincha yashasa ham, propiskaga qo‘yilishi lozim. Biroq propiskaga qo‘yishni to‘sqinlik qilayotgan qaynonalar uchramoqda. Ular: bir oz vaqt o‘tsin, birga yashasin, deydi va propiskadan o‘tkazmaydi. Mavjud mexanizmni takomillashtirish lozim», — dedi Tanzila Norboyeva.

Bosh vazir Abdulla Aripov Adliya vazirligini yosh oilalarni propiskadan o‘tkazish mexanizmlari ishlamayotgani uchun tanqid qildi.

«Nodirjon Savriddinovich (Jo‘rayev, adliya vazirining birinchi o‘rinbosari — tahr.), bu mexanizm ishlamayapti, bu talab ishlamayapti. Sizga topshiriq: ikki hafta ichida Vazirlar Mahkamasiga propiska masalasini hal etish to‘g‘risida, ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiriting», — dedi hukumat rahbari. «Inson oilaviy munosabatlarga kirishar ekan, u o‘ziga juda katta javobgarlikni oladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Abdulla Aripov yosh oilalar hayotiga aralashib, nikohning bekor qilinishiga sabab bo‘layotgan ota-onalarni javobgarlikka tortish masalasini ham tilga oldi.

«Agarda uchinchi tomon sababli oila buzilsa, u holda ma’muriy choralar ko‘rilishi kerak. Ayniqsa Toshkentda 70 foiz ajrashishlarga uchinchi tomon sabab bo‘lmoqda. Aynan kim? To‘g‘ri, qaynonalar… Bir oy ichida aralashganlik uchun uchinchi tomonni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritilishi lozim», — dedi u.

O‘z navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 32-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishdan o‘tdi. Hujjatda propiskaga qo‘yilgan turmush o‘rtoqning mulkka bo‘lgan huquqini majburiy joriy etish masalasi ko‘zda tutilgan.

Agarda qonun qabul qilinsa, mulkdor farzandlarining o‘z oilasiga ega va ular bilan doimiy yashovchi turmush o‘rtoqlari (kuyovi, kelini) ushbu mulkdorning oila a’zosi maqomiga ega bo‘ladi. Natijada bolalarining turmush o‘rtoqlari mulkdor oilasining boshqa a’zolari kabi uy yoki kvartiraga egalik huquqini qo‘lga kiritadi.

Mazkur taklif O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ajrashishdan keyin uysiz va yashash joyisiz qolib ketayotgan xotin-qizlar murojaatlari asosida ilgari surildi.

Parlamentda mazkur masala muhokamasida ishtirok etganlardan birining «Gazeta.uz"ga xabar berishicha, yangi norma ajrashishlar sonini qisqartirishi hamda ayollar huquqlarini himoya qilishi lozim.

«Juda ko‘p yosh oilalar ajrashmoqda. Bir-ikki yil yashab, ajrashib ketmoqda. Qizlar ajrashganidan keyin ikkita bolasi bilan ota-onasining uyiga qaytadi. Ota-onalarning o‘zlari esa uch xonali kvartirada aka-ukalari bilan yashaydi. Uning sodiq eri va oila a’zolari uni kvartiraga propiskaga qo‘ymagan. Ular: kelinning qanday chiqishini ko‘ramiz, keyin propiskaga qo‘yamiz deyishadi. Bu esa kelinlarning uysiz va yashash joyisiz qolib ketishiga olib keladi», — dedi u.

Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev ushbu tashabbusga qarshi chiqdi. U bunda norma «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunni buzadi, deb hisoblaydi.

«Ha, loyiha ikkinchi o‘qishdan o‘tdi. Biroq men yangilik amaliyotda ishlamaydi, bu boshqa muammolarni keltirib chiqaradi, deb hisoblayman. Masalan, ko‘p holatlarda yosh oilalar o‘zlariga emas, ota-onalariga tegishli uylarda yashaydi. Ular ajrashsa, ular turmush o‘rtoq hisoblanmaydi, biroq hozir ularga mulk huquqini berish taklif qilinayapti. Mulkdor uyining daxlsizligi masalasi ochiq qolmoqda», — dedi u.

Rasul Kusharbayevning ma’lum qilishicha, loyiha birinchi o‘qishda rad qilingan edi, biroq u yana kiritildi va ko‘rib chiqildi.

«Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqalar imkon berish kerak, deyishmoqda. Biz muammolar bo‘lishi haqida ogohlantirdik. Tasavvur qiling, er va xotin turli sabablarga ko‘ra qonuniy ajrashdi. Ayollar asosan ota-onasining uyiga qaytadi. Erkak boshqasiga uylanadi, sobiq xotin esa mulkka bo‘lgan huquqni saqlab qoladi. Janjal bo‘ladi», — dedi u.

Deputat davom ettirdi: «Haqiqatdan ham, ko‘plab ayollar ajrashganidan keyin bolalari bilan ko‘chada qolmoqda, ular hech qayerga borolmaydi. Biroq bizning qonunchiligimizda ular ajrashganidan keyin erining uyida yashashi mumkinligi ko‘zda tutilgan».

«Biz er yoki xotin ajrashganidan keyin ko‘chada qolishini istamaymiz, biroq biz xususiy mulk daxlsizligi haqida ham unutmasligimiz lozim», — deya so‘zini yakunladi u.