Tibbiyot yo‘nalishida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda Germaniyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot markazlari bilan aloqalarni kuchaytirish, tibbiy ta’lim muassasalari filiallari va qo‘shma fakultetlarini ochishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan shu yil 18−21 dekabr kunlari Andijon tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimovning mazkur mamlakatga tashrifi tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Tashrif davomida Germaniyaning yirik oliy o‘quv yurtlaridan sanalgan Rostok va Xalle-Vittenberg universitetlari rahbarlari hamda mas’ullari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, tibbiyot sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash borasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama etildi, universitet klinikalari faoliyati bilan yaqindan tanishildi va aniq kelishuvlarga erishildi.

Andijon tibbiyot instituti va Rostok universiteti Tibbiyot fakulteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha imzolangan shartnomada o‘zaro talaba, tadqiqotchi va professorlar almashuvi, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, seminar va konferensiyalar o‘tkazish, yozgi o‘quv kurslarini tashkil etish, qo‘shma fakultet va markazbarpo etish kabi masalalar o‘z ifodasini topgan.

Mazkur tashrif doirasida universitet klinikalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishilib, ularning rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar 2019 yil yanvar oyining birinchi yarmida videokonferensiya o‘tkazish, fevral oyining ikkinchi yarmida esa yaqindan tanishish, hamkorlikning aniq yo‘nalishlari, ayniqsa, O‘zbek-nemis qo‘shma tibbiyot fakultetini ochish imkoniyat va shartlarini muhokama etish maqsadida Rostok universiteti delegatsiyasining Andijon tibbiyot institutiga tashrifini tashkil etish borasida kelishib oldilar.

Shuningdek, Rostok universteti saytida Andijon tibbiyot instituti rektorining mazkur oliygohga tashrifi va uning doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar hamda erishilgan kelishuvlar haqida batafsil matbuot xabari fotosuratlar bilan yoritildi.

Germaniyaning Xalle shahrida joylashgan Martin Lyuter nomidagi Xalle-Vittenberg universiteti Tibbiyot fakulteti dekani professor M.Gekle bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida ham o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish imkoniyatlari muhokama etildi.

Professor M.Gekle Xalle-Vittenberg universiteti va uning Tibbiyot fakulteti faoliyati haqida ma’lumot berib, halqaro hamkorlikka ochiq ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuv so‘ngida prof. M.Gekle Andijon tibbiyot instituti bilan yaqindan tanishish, maqsadida 2019 yilning birinchi yarmida o‘zi boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonda tashrif buyurishi mumkinligini ma’lum qildi.