O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi kelgusi yilda eksport mahsulotlari hajmini oshirish va kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va turizm sohasini rivojlantirish ustida ishlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 25-dekabr kuni TIVning yillik faoliyatiga bag‘ishlangan brifingda tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov ma’lum qildi, reportaj “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” dasturida namoyish etildi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Markaziy Osiyo davlatlari bilan oliy darajadagi tashrif almashinuvlari sharofati bilan suv resurslaridan ratsional foydalanish, qo‘shni davlatlar bilan davlat chegaralarini delimitatsiya qilish, O‘zbekiston va Qirg‘iziston, O‘zbekiston va TOjikiston o‘rtasida chegara postlarini kesib o‘tish kabi murakkab va chigal masalalar bo‘yicha ham yechimlar topildi. Bundan tashqari, BMT, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi institutlari bilan aloqalar sezilarli darajada faollashdi.

10 oy ichida 10,3 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar eksport qilindi, 4 millionga yaqin chet el fuqarolari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Yil oxiriga qadar 2,7 mlrd dollar investitsiya jalb qilish kutilmoqda. Kelgusi yilda vazirlik ushbu yo‘nalishlardagi faoliyatini davom ettirishni rejalashtirmoqda.

“Bu uch kit: investitsiyalarni jalb qilish, eksportni oshirish va sayyohlarni jalb qilish — bu 2019-yilda bizning asosiy vazifalarimizdan bo‘ladi”, — dedi Ilhom Ne’matov.

Vazirlikning boshqa rejalari qatorida xorijda yashovchi vatandoshlar bilan muloqot o‘rnatish, tashqi siyosiy faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirish ham o‘rin olgan.