O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Shahrullo Mahmudov o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinovning 2012 yilgi London Olimpiadasidagi doping namunasi ijobiy natija berganini izohladi.

Federatsiya rasmiy vakilining O‘zAga ma’lum qilishicha, ushbu masala bo‘yicha VADAga murojaat qilingan. Eng so‘nggi va zamonaviy texnologiyalar yordamida qon tahlili qayta tekshiruvdan o‘tkazilgan hamda Ruslanning qonida testosteron moddasi belgilangan me’yoridan ortiqligi aniqlangan. Qayta tekshiruvdan faqat O‘zbekiston vakili emas, balki Ukraina, Belorus, Armaniston, Ozarbayjon, jami besh mamlakat sportchilari o‘tkazilgan.

«Savol tug‘ilishi mumkin — bu narsa kimga va nima uchun kerak bo‘ldi, axir o‘shanda Ruslan medal olmaganku, desak Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qayta tekshiruvdan hozir sportchilik faoliyatini davom ettirayotgan atletlar o‘tkazilayotganligini ma’lum qildi. Biz mazkur holatni chuqur tahlil qilamiz, sportchimizning qonida qanday qilib testosteron moddasi miqdori me’yoridan oshib ketgan?» — dedi Shahrullo Mahmudov.

«Bilasizmi, testosteron moddasini sportchi iste’mol qilgan bioqo‘shimchalar, hatto oddiy tabletkalar ham oshirib yuborishi mumkin. Testosteronning oshishi — bu quvvat oshishi degani. Oddiy qilib aytganda 20 yoshli erkakka qaraganda 35 yoshli erkakdagi testosteron moddasi miqdori kam bo‘ladi. Ruslan o‘sha paytda 21 yoshda bo‘lgan, ya’ni testosteron moddasi eng yuqori bo‘lgan holat. Sportda esa testosteron moddasining belgilangan miqdori — 407% deb belgilangan, agar shundan yuqori bo‘lsa — bu kishida shubha uyg‘otadi. Bu uzoq o‘rganiladigan jarayon, darhol qaror qabul qilib bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi federatsiya birinchi vitse-prezidenti.