Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi organlari tashabbusi bilan voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamay kelayotgan otalarning javobgarligini kuchaytirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

2018 yil 21 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani ma’muriy sudida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi va unda qarzdor Sh. Saparovga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Qarzdor Sh. Saparov 2014 yilda muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan sudlangan, unga nisbatan mamlakat hududidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan edi.

Ammo bundan tegishli xulosa chiqarmagan qarzdor 2009 yil 3 avgustdan to 2018 yil 1 dekabrga qadar, ya’ni 111 oy davomida aliment qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Uning shu kunga qadar bo‘lgan jami qarzi 56 362 026 so‘mni tashkil qiladi.

Qarzdor Sh. Saparovga nisbatan to‘plangan hujjatlarga asosan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi bilan 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi.

Aytish joiz, bu ma’muriy qamoq jazosi qarzdorni aliment to‘lash majburiyatidan ozod qiladi, degani emas. U ma’muriy qamoq jazosidan keyin tegishli xulosa chiqarmasa, unga nisbatan ikkinchi marotaba jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.