Dushanba kuni Brent markali neft narxi 6 foizdan ziyodroqqa arzonlashdi va o‘tgan yildan buyon ilk bor bir barreli 51 dollardan pastroqqa baholandi, deya xabar qildi BBC rus xizmati.

Chorshanba kuni ertalab esa bir barrel Brent narxi 49,93 dollargacha pasayib, tushga yaqin bir barreli uchun 50,21 dollar taklif qilindi.

Oktyabrda 86,7 dollarga baholangan neft to‘rt yillik maksimumdan so‘ng 40 foizdan ziyodroqqa arzonlashdi. Iqtisodchilar buni dunyo bozorida neft zaxiralarining o‘sishi va jahon iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashuvi to‘g‘risidagi xavotirlar bilan bog‘lamoqda.

Neftning arzonlashuviga AQSH byudjetini qabul qilish bilan bog‘liq vaziyatga investorlar bahosi ham sabab bo‘lmoqda. Prezident Donald Tramp 20 dekabr kuni Meksika bilan chegaraga devor qurish moliyalashtirilmasa, byudjetni imzolamasligini ma’lum qildi.

Ekspertlar fikricha, neft narxining arzonlashuviga Federal zaxira tizimining bazaviy foiz stavkasini 2,25 dan 2,5 foizgacha oshirish to‘g‘risidagi qarori ham ta’sir ko‘rsatdi.